Bugun biz ko’p tilga olayotgan “aqlli shahar” qanday bo’ladi? U birlamchi o’rinda aholi hayotini qulay va xavfsiz qilish, shuningdek, shahar moliya mablag‘lari va hududini tejashni maqsad qiladi. Shu jihatdan qaraganda “Aqlli shahar hamma uchun” konsepsiyasi ko‘plab rivojlangan mamlakatlar qatori yurtimiz uchun ham ilg‘or amaliyot sanaladi.
⚠️ Nogironligi bo’lgan shaxslar hayotiy faoliyatining barcha jabhalarida zarur bo’lgan sharoitlarni amalda qo’llashga qaratilgan mazkur loyiha mamlakatimiz arxitektor va quruvchilarining to‘siqsiz muhit yaratishdagi malaka va bilimlarini yanada boyitishda muhim rol o’ynaydi.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish instituti rektori A’zamiddin Kuldashev boshchiligidagi mas’ullar meksikalik mashhur arxitektor – Andres Balkazar bilan uchrashdi.
O’zbekistonda inklyuzivlik kodeksini ishlab chiqishda ishtirok etayotgan olim va institut o’rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvda “Nogironligi bo’lgan shaxslar uchun to’siqsiz muhit yaratish” nomli o’quv seminarini sifatli tashkil etish va o’tkazish, mahalliy arxitektorlar, loyihachilar va ekspertlar malakasini oshirishda xorijning ilg’or yechimlari bilan bo’lishish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
– Qayd etish lozim, shu kungacha institutning 250 ga yaqin tinglovchilari sizning seminaringizda faol qatnashib kelmoqda. Ayniqsa, xorij tajribalari, transport, qurilish inshootlari muhiti hamda axborot va muloqot texnologiyalari singari mavzularni juda katta qiziqish bilan qabul qilishdi. Kelgusida siz bilan institutimiz o‘rtasida hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib, mahorat va tajribangiz soha mutaxassislari orasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz, – deya ta’kidladi A.T.Kuldashev